Iroda To‘laganova - 1982-yilning 7-yanvarida Toshkentda tug‘ilgan. Tennis bo‘yicha qizlar o‘rtasida "Uimbldon" turniri va AQSh ochiq chempionati g‘olibi, Osiyo chempioni. Butunjahon o‘smirlar o‘yinlarining bronza medali sovrindori. "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi". "Shuxrat" medali soxibi.
Tarjimai hol
Iroda sakkiz yoshidan buyon "Paxtakor" tennis kortida ustozi Vladimir Kaplandan saboq, oladi. Shuningdek, chet ellardagi mashxur tennis akademiyalarida o‘z mahoratini oshirgan.
1998-yili u juftlik musobaqalarida yorqin g‘alabalar qozondi: avval Londonda "Ulkantoj" turkumiga kiruvchi "Uimbldon" turnirining qizlar musobaqasida g‘olib chiqdi, keyin Moskvada Butunjahon o‘smirlar o‘yinlarida bronza medali bilan taqdirlandi.
1999-yil ham Irodaning hayotida unutilmas iz qoldirdi. Dastavval u Yaponiyada qizlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘ldi, kattalar o‘rtasida esa ikkita xalqaro turnirda g‘olib chiqdi. "Uimbldon" turnirining juftlik musobaqasida finalgacha etib bordi, qizlarning yakkalik musobaqasida esa bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Islom Karimov uni qutlab, yangi zafarlar sari ruxlantirdi. Iroda To‘laganova navbatdagi "Ulkan toj" turkumiga kiruvchi AQSh ochiq chempionatida yana muvaffaqiyatga erishdi.
Shuningdek, mamlakatimiz terma jamoasining federatsiya kubogidagi yutuklariga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Iqtidorli tennischimiz WTA turkumiga kiruvchi Toshkent ochiq birinchiligida ham sharafli g'alabani qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga qator xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Avstriya va Belgiyada o‘tgan WTA turkumiga kiruvchi musobaqalarda g‘alaba qozondi. Natijada, 2001-yil 23-iyul kuni e’lon qilingan jahon ayol tennischilar tasnifida 24-o‘rindan joy oldi.


