O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Egamberdiyev Shuxrat Abdumannopovich Fransiyaning AKADYEMIK PALMA ORDYENI BILAN MUKOFOTLANDI.
UNGA AKADYEMIK PALMA ORDYENI NISHONDORI unvoni berilgani haqidagi Farmonga Fransiya Premer-ministri 2015 yilning 1 yanvarida imzo chekkan, professor Egamberdiyev Sh.A. bu unvonga O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya o‘rtasidagi astronomiya va astrofizika sohasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi tufayli sazovor bo‘ldi.
Professor Egamberdiyev Sh.A. 1987 yilda shtab-kvartirasi Fransiyaning Nitssa Universitetida joylashgan IRIS (International Research on the Interior of the Sun) xalqaro dastur doirasida O‘zbekistonda Quyoshni global akustik tebranishlarini tadqiq etish bo‘yicha yangi ilmiy yo‘nalishga asos soldi. IRIS loyihasi va uning butun dunyo bo‘ylab joylashgan oltita tarmog‘i ko‘p yillar davomida uzluksiz ravishda Quyoshning global tebranishlarini qayd etish uchun mo‘ljallangan. Salkam 20 yil mobaynida Egamberdiyev Sh.A. IRIS loyihasining faol a’zosi va ma’lumotlarni qayta ishlash, kalibrovka va tahlil qilish guruhining raisi bo‘ldi. O‘zining yuksak kasbiy mahorati va rahbarlik qobiliyati tufayli professor Egamberdiyev Sh.A. ilmiy guruhi bilan birga jahonshumul muvaffaqiyatlarga erishdi - O‘zbekistonning Qumbel tog‘idagi IRIS stansiyasi oltita tarmoq ichida eng ko‘p kuzatish o‘tkazdi va butun davr ichida IRIS loyihasining ma’lumotlar bazasi uchun 40% ga yaqin materialni taqdim etdi.
Professor Egamberdiyev Sh.A. jahon astronomik ilmiy jamoatchilik o‘rtasida katta nufuz va hurmatga ega. U Xalqaro Astronomiya Jamiyati va Yevropa-Osiyo astronomik Jamiyati a’zosi. U 2002-2003 yillarda 28 mamlakat a’zo bo‘lgan Osiyo fanlar Akademiyasi Birlashmasining Bosh Kotibi etib saylangan.
Professor Egamberdiyev Sh.A. hozirda ham Fransiyaning yetakchi astronom va astrofiziklari bilan do‘stona ilmiy munosabatlarni saqlab kelmoqda, bu mamlakat fani va madaniyati oldidagi yuksak xizmatlarni hisobga olgan holda Fransiya hukumati yuqorida tilga olingan orden bilan taqdirladi.
Akademik palma ordeni o‘z tarixini 1808 yilning 19 martida imperator Napoleon I Bonapart uni tashkilot sifatida Parij Universiteti va ba’zi litseylarning akademik va professorlari uchun ta’sis etgan vaqtdan boshlagan. Akademik palma ordeni Fransiyaning ta’lim va fan sohasida xizmatlari uchun beriladigan eng yuksak nishonlardan biri hisoblanadi, uning ikkinchi nomi Fahriy legion ordeniga o‘xshash, «Alvon rang legion» deb ataladi.
Hozirgi vaqtda Akademik palma ordeni bilan Fransiyaning xalq ta’limining rivojlanishiga hissa qo‘shgan o‘qituvchilari va o‘qituvchilar jamiyati a’zolari, shuningdek, Fransiya bilan fan va madaniyat sohasida hamkorlik qilgan chet ellik kishilar ham taqdirlanishi mumkin.
Taqdirlash marosimi 2015 yilning 6 fevral kuni Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi (Toshkent shahri) da bo‘lib o‘tdi, professor Sh.A. Egamberdiyevga Akademik palma ordenini va shu Orden Sohibi haqidagi diplomni Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Jak-Anri Els tantanali suratda topshirdi.