Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 25 yillik bayrami arafasida Gruziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Konstantin Jgenti “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida respublikamiz suveren taraqqiyot yillari davomida erishgan keng ko‘lamli muvaffaqiyatlar haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashgani barobarida ushbu qutlug‘ yubiley sanasi munosabati bilan xalqimizga o‘zining samimiy tabriklarini ham izhor etdi.
- O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishi sohasida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari hammaning ko‘z o‘ngida turibdi. Saylovlar singari muhim tadbirlarning o‘tkazilishi ham buning tasdig‘i bo‘la oladi. Bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalari mamlakat rahbariyatining huquqiy demokratik davlat qurishga yo‘naltirilgan strategiyasini O‘zbekiston xalqi har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.
Shunisi ham muhimki, respublika paxta yetishtirish hajmini qisqartirib boshqa tarmoqlarni rivojlantirishga o‘tish, yuqori texnologiyaga asoslangan sanoat ishlab chiqarishi, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sohalarini taraqqiy toptirish, ya'ni iqtisodiyotni diversifikatsiyalash yo‘lidan bormoqda. Ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan sarmoyalarning hajmi ham oshdi.
Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar natijasida qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni ham tilga olmaslik mumkin emas. Mamlakat rahbariyatining milliy agrosanoatni rivojlantirish, o‘zini-o‘zi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga yo‘naltirilgan siyosati juda samarali bo‘ldi.
Mustaqillikka erishilganidan buyon yalpi ichki mahsulot barqaror ravishda o‘sib bormoqda. 2000-yillarning o‘rtalaridan iqtisodiyot izchil o‘sish sur'atiga erishdi. Jahon banki ma'lumotlarida qayd etilganidek, 2007-2014 yillarda uning o‘sish sur'atlari o‘rtacha 8,4 foizni tashkil etdi.
2015 yil sentyabrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi keyingi yillarda o‘zbek iqtisodiyoti “barqaror o‘sish” kasb etayotganini ma'lum qilgani holda hukumat oqilona iqtisodiy siyosat yuritayotgani, “valyuta zaxiralarining yetarli darajasini, byudjet sohasidagi mustahkamlik zaxirasi va davlat qarzining past ko‘rsatkichini” ta'minlagani haqidagi ijobiy fikrlarni bayon etdi.
Xususiy tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar tufayli O‘zbekiston qulay ishbilarmonlik muhitiga ega bo‘ldi.
Oila, ota-ona va bolalarga g‘amxo‘rlik munosabati O‘zbekistonda an'ana sifatida alohida o‘ringa egadir. Joriy yil Prezident Islom Karimov tashabbuskorligida hayotga tadbiq etilayotgan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ana shu an'ananing in'ikosi hisoblanadi. Ishonchim komilki, bu dasturning amalga oshirilishi oila institutini mustahkamlabgina qolmay, sog‘lom va barkamol, kuchli avlodni tarbiyalashga ham ko‘maklashadi.
Gruzinlar ham o‘zbek xalqi singari tolerantlik va insonsevarlik an'analari bilan hamisha faxrlanishgan. Gruziyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatayotganimga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, biroq bunday ezgu an'analari bilan jamiyatingiz boshqalarga namuna sifatida xizmat qilishi mumkinligiga bo‘lgan ishonchim kun sayin ortib bormoqda.
O‘zbekiston rahbariyatining oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli mamlakat mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlaboq xalqaro munosabatlarda munosib o‘rin egallab kelmoqda. Davlatingiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va dunyo hamjamiyati qo‘llab-quvvatlangan xalqaro ahamiyatga molik muhim tashabbuslar bu fikrni tasdiqlaydi.
Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston butun Markaziy Osiyoning geosiyosiy markazidir. Mintaqadagi hech bir jiddiy muammo strategik jihatdan qulay joylashgan va siyosiy jihatdan ahamiyatli mamlakat bo‘lgan O‘zbekistonning ishtirokisiz hal bo‘lmaydi.
Gruziya va uning xalqi O‘zbekiston bilan alohida do‘stona munosabatlarga egadir. Mamlakatimiz tashqi siyosatida ikki tomonning fikrlar xilma-xilligi mavjudligini ifodalaydigan qandaydir muhim band yo‘q. BMT Nizomida muhrlab qo‘yilgan tamoyillar bizning hamkorligimizdagi asosiy zamin hisoblanadi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan buyon ikki tomonlama aloqalarimiz juda barqaror rivojlanmoqda, ayniqsa, so‘nggi ikki yil alohida muvaffaqiyatli bo‘lganini ta'kidlash meni xursand qiladi. Birgina temir yo‘llarimiz va Poti bandargohimiz orqali O‘zbekistondan Yevropaga va boshqa mamlakatlarga tovarlarning tranziti 7 barobarga ko‘paygani bu fikrning tasdig‘i bo‘la oladi.
Shu bilan birga, bu davr ichida O‘zbekiston - Gruziya hukumatlararo komissiyaning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘zaro iqtisodiy va savdo sohasidagi munosabatlarning bundan keyingi rivoji bilan bog‘liq rejalarni ishlab chiqdilar.
O‘zbek hamkasblarimiz bilan hamkorlikda respublikada o‘tkazilgan gruzin kinosi haftaligida mamlakatimizning taniqli aktyorlari ishtirok etishdi. Bu yil Sharqning qadimgi qo‘lyozmalarini tadqiq etish maqsadida Gruziya va O‘zbekiston sharqshunoslari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun birinchi qadamlar tashlandi.
Ushbu imkoniyatdan foydalangan holda, Gruziya hukumati va xalqi nomidan do‘st O‘zbekistonga va uning aholisiga yanada katta muvaffaqiyatlar, bardavom tinchlik va farovonlik tilayman.