Shuni alohida ta’kidlash kerakki, agar 2011 yilda mamlakatimizning 13 ta tijorat banki yuqori reyting baholariga sazovor bo’lgan bo’lsa, bugungi kunda respublikamizning barcha 26 ta banki ana shunday bahoga loyiq ko’rildi.
Bank tizimidagi islohotlar iqtisodiyotimizning barqaror o’sish sur’atlarini ta’minlashda eng muhim omil bo’ldi. Buning natijasida tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga oshdi. Bank tizimining mustahkamlanishi 2014 yilda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini 12 foizdan 10 foizga, tijorat banklarining kreditlar bo’yicha foiz stavkasini ham shunga mos ravishda kamaytirish uchun zarur imkoniyatlar tug’dirdi.
Banklar tomonidan faqat ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlarini moliyalashtirishga yo’naltirilgan kreditlar hajmi 2013 yilga nisbatan 1,2 barobar, aylanma mablag’larni to’ldirish uchun ajratilgan kreditlar esa 1,3 martadan ziyod oshdi.