Shermuhammad Ashirov

Bir kishining tinchligi jamiyat tinchligini bir qismidir. Zero, kishi o‘zi yashab turgan jamiyatning uzviy a’zosidir. Demakki, har bir inson butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilishi eng zaruriy burch va amaldir.

Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Ayniqsa, Vatan himoyasi jabhalarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o‘ziga topshirilgan vazifani Yaratgan va insonlar huzuridagi ulug‘ mas’uliyat deb bilmog‘i va harbiy qasamyodni, va’dalarini bajarishi zarurdir.

Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar – o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, tadbirkor yoxud bog‘cha tarbiyachisi bo‘ladimi, qaerda bo‘lmasin o‘z Vatanini himoya qilishi kerak. Himoya qilish deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo‘lsa so‘z bilan, g‘animlarga raddiya berish bilan vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi kurash yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur!

Ammo, Vatan himoyachisi bo‘lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir.

14 yanvar – Vatan himoyachilari kunidir. Bu bayramni tinchlik, xotirjamlik va osoyishtalik posbonlari bayrami sifatida nishonlash yurtimizda an’anaga aylangan. Bu bayramni keng nishonlanishi zamirida teran ma’no mujassam. Zero, Ona yurtda tinchlik va osoyishtalik barqaror, sarhadlarimiz mustahkam ekan, xalqimiz ko‘ngliga shodu hurramlik sig‘adi, bayramlar yarashadi, dunyo obodligi davom etadi.

Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo‘lida sha’ni, oru nomusini, imonini o‘rtaga qo‘yib, yovga qarshi kurashgan. Ularning so‘zi, ahdu paymonlari va qasamyodlari qilichdanda o‘tkir, keskir bo‘lgan. Zamonlar, makonlar o‘zgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo o‘zgarmadi. Ona-Vatan himoyasi mavzusida so‘z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo‘lida qo‘lida tig‘ va tug‘ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog‘ida yonib o‘tgan Boburlar ibrati beixtiyor ko‘z oldimizga keladi.

Mustaqillikka erishib, o‘z armiyamizga ega bo‘lib, uni qadriyatlarimizga, an’analarimizga mos ravishda shakllantirib, qadr-qimmat tushunchasini his qilayapmiz, anglayapmiz. «…Armiyani tom ma’noda armiya qiladigan, har qanday murakkab vaziyat va sinovlardan yorug‘ yuz bilan chiqishiga asos bo‘ladigan, uning jangovar qudrati va harbiy mahoratini yuksaltiradigan kuch, bu – armiya saflarida xizmat qilayotgan insonlardir», degan edi Prezidentimiz. Mana shu fikrlarning o‘zida ham inson manfaatiga e’tibor, demakki, qadr tushunchalariga ishora bor. Shu sababli ham milliy armiyamizdagi izchil islohotlar davomida mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirishdagi kuchga – uning saflaridagi insonlarga e’tibor qaratildi. O‘sha 90-yillardagi murakkab iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida ham harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasi uchun zarur moddiy, moliyaviy manbalar topildi. Harbiy xizmatchilarning huquqiy himoyasini ta’minlash yo‘lida muhim ishlar amalga oshirildi. Bir so‘z bilan aytganda, Vatan himoyachisining qadri, qimmati qonun himoyasiga, davlat muhofazasiga olindi.

Hayotini armiyasiz tasavvur eta olmaydigan, harbiy xizmatni Vatani, xalqi oldidagi muqaddas burch, deb biladigan mardlar mustaqillik yillarida munosib taqdirlanib kelinmoqda. Buni biz har yili Vatan himoyachilari kunida, Mustaqillik bayrami arafasida mamlakatimizning milliy xavfsizligini, chegaralarimizning daxlsizligini ta’minlashda, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashda mardlik, jasorat va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan ko‘plab harbiy xizmatchilarning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotganligi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Davlatimiz rahbarining Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan harbiylar O‘zbekistonning faxri, ishonchi va suyanchi ekanligi haqidagi fikri ham Vatan himoyasini kasb qilgan mardlarning davlatimizda, jamiyatimizda qanchalar qadrlanayotganiga misoldir. Katta leytenant Shermuhammad Ashirov ana shundaylardan biridir.

Shermuhammad Ashirov 1975 yil 23 yanvarda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, Xalqobod qo‘rg‘onida tug‘ilgan. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ilk bitiruvchilaridan biri. 2000 yil Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida bo‘lgan jangovar harakatlarda halok bo‘lgan. II-darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlangan.

Poytaxtdan chiqqan mashina uzoq yo‘l bosib, Yangiyo‘l tumani Sohibkor ko‘chasiga burilganda, hamrohim bizdan yuz metrlar narida ketayotgan uch ayolni ko‘rsatdi. «Hassa tutgan ayol Shermuhammadning onasi», dedi u. Orqa o‘rindiqdan zehn solib qarayman. Hayotning goh quvonchli, goh tashvishli kunlarini boshidan o‘tkazgan uch ona sekin qadamlar bilan ketib borardi.

Darvoza yaqinida mashinadan tushdik. «Assalomu alaykum, yaxshi yuribsizmi?» Munisxon aya hassaga tayanib, elkamizni qoqib qo‘ydi. Mahallamizda bir odam olamdan o‘tibdi, shunikida fotiha qilib kelyapmiz, deydi. Yillar va sherdek o‘g‘lidan ayirgan qazo qoldirgan asorat onaning qadam bosishidan yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ular bilan birga hovliga kirdik.

Uzum, gilos ekilgan chog‘roqqina hovlida ikki so‘ri – biri darvozaxonada, ikkinchisi valish tagida. Oddiy o‘zbek xonadoni. Ona nabirasiga taxmonni buzdirib, so‘riga yangi ko‘rpachalar soldirdi. Mehmon atoyi xudo.

Odatga ko‘ra so‘rashganimizdan keyin qo‘shni Bonu xola so‘z boshladi:

– Shermuhammadni oxirgi marta ko‘rganim hech esimdan chiqmaydi. Harbiy kiyimda ko‘chani to‘ldirib o‘tuvdi, alp yigit edi o‘ziyam...

Ruqiya xola qo‘shnisining gapini davom ettiradi:

– Quvnoq, dilkash bola edi. Uning gaplaridan rohatlanardik, hecham qovog‘ini solib yurmasdi.

Munisxon ayaning nur yog‘ilib turgan yuziga razm solaman. Istarali. Bilmadim xayollari qaerda yuribdi. Ko‘zlari jiq-jiq yosh, salgina o‘rinsiz so‘z ham uni duv-duv to‘kishi mumkin. So‘z topolmayman. Ayaning o‘zi gap boshlaydi:

– Kenjatoyimning yurishiga ham, kiyinishiga ham hamma havas qilardi. Uyimizdan do‘stlari arimasdi. U bolaligida uchuvchi kiyimini kiyib suratga tushgan. Uchuvchi bo‘lish istagi bolaginam yuragida ana shunda paydo bo‘lgan, – deb nabirasini chaqiradi. – Amakingni suratini opchiq, bolam. Aslida rahmatli dadasi uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan ekanlar. Shuning uchun o‘g‘limga faqat yordam berdilar.

Bir kuni hech uyqim kelmadi, u tomonga yonboshlayman, bu tomonga yonboshlayman, qani endi kela qolsa uyqu degani. Hamma uxlagan. Bir payt ko‘zim ilingan ekan, «Shermuhammad!» deb baqirib yubordim. Nimaga? Nima uchun? Bilmayman. Shunda o‘g‘lim... uzilgan ekan, ertasiga bildim buni...

Dasturxon atrofida o‘tirganlar ko‘zyoshlarini artishadi. Mavzuni o‘zgartiraman. Hovlidagi daraxtlarni ko‘rsatib:

– Bularning qaysi birini Shermuhammad ekkan? – deyman.

– Bular undan keyin ekilgan.

– Bir yili ko‘chaga shaftoli ekkan edi, – deb eslaydi Bonu xola. – Hosili zo‘r bo‘ldi, mana shu piyoladan ham katta-katta bo‘ldi. Uylanayotganda to‘yga kelganlarning hammasi duo qilib edi uni...

Umri ham shaftolining umridek qisqa ekan. Uning mazasi odamlar og‘zida qolganidek, Shermuhammadning ham el-yurt tinchligi yo‘lidagi qahramonligi va jasorati xalqimizning yodida qoldi. Naqadar qiziq o‘xshashlik. Xayoldan shunaqa gaplar o‘tdi.

Qo‘shnilarning biri Samarqand shevasida, ikkinchisi esa vodiy shevasida gapirishadi.

Ruqiya xola:

– Ilhomim bilan yaxshi chiqishardi, hamisha birga yurardi. Ularni ajratib bo‘lmasdi.

Bonu xola:

– Qizim bilan birga o‘qigan, unga hazillashib «Sunduq kitob ber» derdi. Biznikiga kitob so‘rab ko‘p chiqardi.

Ruqiya xola:

– Dalada yurganda ham qo‘ltig‘ida kitob bo‘lardi Sher rahmatlining.

Munisxon aya:

– Dadasi ot olib bergandi. Ot jonu dili edi... Ishiga judayam mehr qo‘ygandi. Bir kuni ta’tilga kelganida onaman-da, charchab, qiynalyapti deb o‘yladim. «Bolam, hadeb ish-ish deyaverasanmi? Sen ham bunday mazam yo‘q deb yoki biror nimani bahona qilib, har zamon damingni ol», desam, Sher o‘g‘limning gapini qarang. «Aya, menga hamma narsani o‘rgatdingizu faqat mana shuni, yolg‘on gapirishni o‘rgatmadingiz. Mana shundan dars bermagansiz-da, enajon» deydi. Ana shunday bir dunyo edi bolaginam.

Suhbat qizidi. Shermuhammadning yanvarda tug‘ilgani, biroq o‘sha kun bahor havosidek iliq bo‘lgani, otasining agar yana bir o‘g‘lim bo‘lsa, unga Purmuhammad deb ism qo‘yaman deb niyat qilgani, jiyani Ermuhammadning hozir askar bo‘lib xizmat qilayotgani, uning kelajakda amakisi singari harbiy uchuvchi bo‘lishi, ko‘pchilik qo‘shnilarning 1920-30 yillarda vodiydan shu erlarga «quloq» qilingani, kasb-kor, bog‘-rog‘, tiriklik va tirikchilik, tinchlik va notinchlik haqida, qisqacha aytganda, hayot haqida gaplashdik.

Onaizor hassaga ishora qildi:

– Mana shunga suyanib qoldim bolam. Shunday, yiqilib ketayotgandek, bo‘laman, ichim kuygan bolam, ichim...

Hayajon gapirgani qo‘ymaydi. Biroz tin olib, gapini davom ettiradi:

– Er yigit elning bolasi-da, tinchlik va osoyishtalikni shular saqlayapti-da... O‘g‘limdan mingdan ming roziman, umri qisqa bo‘lsa-da, chaqmoqdek yashadi, tinim nima bilmadi. Haligacha do‘stlari, safdosh o‘rtoqlari kelib turishadi. Qanday xizmat qilganini, mendan yiroqda bo‘lganida nimalar qilganini shular gapirib berishadi... Bir orzuim bor: o‘g‘lim o‘qigan joylarni bir ko‘rsam, u yurgan yo‘llarda yursam, ustozlari bilan gaplashsam... armonim yo‘q edi.

Onaxonlar bilan xayr-xo‘shlashib darvoza tomon yuramiz, iltimos qo‘zg‘almang, deyishimizga qaramay ular ortimizdan chiqib, duo qilib qolishdi.

Ko‘chada kuzning za’faron ranggi yana bir yil yakunlanayotganidan darak berardi. Shermuhammadsiz yana bir yil.

Biz otasining armonini ro‘yobga chiqargan mard yigitning do‘stlari, ustozlari tomon oshiqdik.

ShERMUHAMMADNING...

Birinchi o‘qituvchisi

Roza ABDIEVA:

– A’lochi o‘quvchilarimdan edi. U bilan hamisha faxrlanaman. Og‘ir, vazmin, mehribon o‘quvchim bir nimani maqsad qilsa, shunga erishmasdan qo‘ymasdi. Haqiqiy vatanparvar edi, yolg‘onni eshitsa chidab turolmasdi, haqiqat uchun jon kuydirardi hamisha. Maktabga ishga kelganimda ilk bor u o‘qiyotgan sinfga rahbarlik qilganman. Hozir ham ko‘z oldimda turibdi, to‘rtinchi partada o‘tirardi. Bir kuni, bolalar qani his-hayajon gapga kim misol keltiradi, desam, u qo‘l ko‘tarib javob berdi. «Yashasin 8-mart va onajonlarimiz!» dedi baralla. Hamma kulib, qarsak chalib yubordi.

Sinfdoshi Mukarram YuSUPOVA:

– U bilan bir partada o‘tirardim. Ona tili va adabiyoti, ayniqsa, tarix va geografiya faniga juda qiziqardi. Sinfdoshlarimiz biror nimani tushunmasa, birinchilardan bo‘lib yordam berardi. Bilmagan narsasi yo‘q edi uning. Biz uni ismi bilan emas, «Polvon» deb chaqirardik. Chunki o‘qishda ham, jamoat ishlarida ham, sinfdosh qizlarni himoya qilishda ham polvon edi-da asli. Kursantlik davrida ham, keyin harbiy xizmatni o‘tayotganda ham ta’tilga kelganida albatta bizni, sinf¬doshlarni to‘plardi, do‘stlarimiz orasidagi mustahkam rishta edi.

Tarix fani o‘qituvchisi

Muhabbat TURG‘UNBOEVA:

– Shermuhammad har doim, har on yodimizda. Maktabimiz uning nomi bilan atalgan. Dars vaqtida sarkardalar haqida, ayniqsa, mo‘g‘ullarga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi haqida ko‘p savol berardi. Maktabni bitirayotganda qaysi kasbni egallashi to‘g‘risida so‘raganimizda men ulug‘larimiz kabi yurtimizni ko‘z qorachig‘idek asrayman, harbiy uchuvchi bo‘laman, jonajon, go‘zal Vatanimizni osmon uzra ko‘rsam, derdi hayajon bilan. Bunaqa yigitlar kamdan-kam tug‘iladi, menimcha. Kursantlik vaqtida tashakkurnomalar olganini eshitganimizda biz ham ko‘p quvonganmiz.

Shermuhammadning kursdoshi va yaqin do‘sti, podpolkovnik Sherali Choriev:

– Shermuhammad mard yigit edi, – U mening ishonchli, suyangan do‘stim edi. Otryadimiz bir joyga to‘planganda, u bizga she’rlar o‘qib berardi. Uni insoniy fazilatlari va yuksak kasb malakasi uchun juda hurmat qilardik. Xushchaqchaq, do‘stlariga yordam qo‘lini cho‘zadigan, bilimga chanqoq, chin ma’nodagi vatanparvar bu kursdoshimizning insoniy fazilatlarini, yuksak bilimi va tug‘ma iste’dodini hozirgacha qadrlayman, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsataman. Kursantligimizda qidirib topa olmagan kitoblarni undan olardik. Kitoblari juda ko‘p edi. Uning shaxsiy kutubxonasi havo navigatsiyasi, aerodinamika, uchish qoidalari to‘g‘risidagi darsliklar, Erkin Vohidov, Pirimqul Qodirov kabi shoir va yozuvchilarning kitoblaridan iborat edi. Favqulodda iqtidori, jiddiyligi, tirishqoqligi bilan yo‘riqchi ofitserlarning maqtovlariga ko‘p bor sazovor bo‘lgan.

Xalqobod Qishloq Fuqarolari Yig‘ini raisi

Jo‘raboy Ishonqulov:

– Qishlog‘imizdan chiqqan birinchi harbiy uchuvchi Shermuhammad Ashirov o‘g‘lim bilan sinfdosh edi. Rahmatli otasi Ergashali aka ham, bobosi Ashirali ota ham o‘qituvchi, elning hurmatli kishilaridan edi. Ziyoli oilada voyaga etib, tinch va osoyishta hayotimizni, mustaqilligimizni asrash yo‘lida aziz jonini ayamagan bu o‘g‘limiz jasoratini hamisha yoshlarga o‘rnak qilib aytaman. Ha, bugungi zamon har birimizdan ogoh va sergak bo‘lishni talab qilmoqda. Chunki O‘zbekiston biz uchun har nedan aziz va mukarramdir.

Onasi Munisxon opaning nigohlaridan ruhan tushkunligi, yuragidan hali qayg‘u arimagani sezilib turardi. Avval o‘g‘lini, keyin turmush o‘rtog‘ini yo‘qotishdek og‘ir judolikka hamma ham bardosh beravermaydi.

Ashirovlar oilasida besh farzand bo‘lgan: Nurmuhammad, uch qiz va kenja o‘g‘il Shermuhammad. Ular maktabda a’lo baholarga o‘qishgan. Nurmuhammad oilaning ulug‘lari izidan borib, sharafli o‘qituvchilik kasbini tanladi. Bugungi kunda u Yangiyo‘l tumanidagi 19-umumta’lim maktabida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.

– Maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq Shermuhammad adolat uchun kurashardi, tengqurlari orasida etakchi bo‘lgan, – deya gap boshladi Nurmuhammad aka. – U bilimga chanqoq edi, tarixga juda qiziqardi. Xonamizda ko‘plab kitoblarning tartibsiz yotgani xuddi kechagidek esimda. Biz dalaga ishlash uchun ketganimizda u kitoblardan ayrilmasdi. Maktabda, ko‘chada yoki uyda u hamisha o‘qiganlari to‘g‘risida bizga gapirib berar, fikr almashar, ko‘p bahslashardi, lekin hamisha o‘z fikrini himoya qila olardi. Bir kuni, sinfdoshlarining aytishicha, ukam tarix o‘qituvchisi bilan uzoq bahslashib qolgan va uni o‘z fikriga ishontira olgan. Buni qarangki, bir necha yil o‘tib, ukam shu o‘qituvchisining qiziga uylandi. Umri qisqa bo‘lsa-da, baxtli turmush kechirdi. Ularning Mahmuda ismli qizchasi bor. Qizaloq ukamning xuddi o‘zi.

Nurmuhammad aka Shermuhammadning qizi Mahmuda haqida gapiradi. «Xuddi otasiga o‘xshaydi, oqila qiz. Ukamning farzandi, mening ham bolam, uning baxti butun bo‘lishi uchun hech nimani ayamayman», deydi.

– Turmush o‘rtog‘im ham yoshligida harbiy uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan, – deydi Shermuhammadning onasi Munisxon opa. – Lekin uning bu orzusi amalga oshmagan. Otasining orzusini o‘g‘li ro‘yobga chiqardi. U 4-5 yoshidayoq uchuvchi bo‘lishni orzu qilishini aytardi. Uyimizda hatto o‘g‘limning uchuvchi bosh kiyimida tushgan fotosurati ham bor. Shermuhammad yoshligidan intiluvchanligi bilan ajralib turar, qiyinchiliklardan qo‘rqmasdi. Doimo jonkuyar edi, xo‘jalik ishlarida menga yordam berardi.

– Aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kirgan yillarida bizning uncha katta bo‘lmagan er uchastkamiz bo‘lardi, biz u erda sabzavot ekinlarini parvarishlardik, – deydi Nurmuhammad aka. – Har yili ta’tilga kelgan Shermuhammad dam olmay, xo‘jalik ishlariga yordamlashish uchun er uchastkamizga ketardi. Dalada kechasi tunab qolgan kezlarimizda u menga o‘zining kursantlik hayotidagi qiziqarli hikoyalardan so‘zlar, aerodinamika, vertolyotning tuzilishi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berardi. Gap orasida hazillashishni ham unutmasdi. 90-yillarning boshlarida Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kirgan Shermuhammad u erda ko‘plab insonlar bilan tanishdi. Mazkur bilim yurtida ukam mamlakatimizning turli joylaridan kelgan kursantlar bilan do‘stlashdi. Ular hozirgacha biznikiga kelib turishadi.

Abdulhamid akaning mana bu so‘zlariga quloq tuting:

– To‘qson nechanchi yillar edi yodimda yo‘q. Ko‘chamiz chorrahasida uch-to‘rt o‘zim tenggilar bilan tepamizdan uchib o‘tgan samolyotning qanday qo‘nishi haqida bahslashib qoldik. Unisi unday deydi, bunisi bunday. Shu payt uzoqdan Sher ko‘rindi. Xudoning o‘zi etkazdi, dedim. Ta’tilga kelayotgan ekan, biz bilan quchoq ochib ko‘rishdi. Bahsimizni eshitib, erinmasdan samolyotning qay tartibda qo‘nishini, havo qarshiligi, shunga mutanosib ravishda qanotlarning harakati… barchasini bir qoshiq luqmadek tushuntirdi, qo‘ydi. Shundoq darvozasining tagida turibmiz. Chamasi o‘n-o‘n besh daqiqalar o‘tdi. «Kechirasiz, onam bilan ko‘rishib chiqay, keyin yana davom ettiramiz», deydi kulib. Gaplari shirali edi.

Shermuhammad Ashirovning qahramonlarcha halok bo‘lganiga o‘n besh yildan oshdi. Biroq, bugun ham Ashirovlar xonadonidan uning do‘stlari, kursdoshlari va xizmatdoshlarining qadami uzilmaydi. Ular Shermuhammadni, avvalo, o‘z Vatanining jasur himoyachisi sifatida xotirlashadi. Xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun o‘z jonini qurbon qilgan o‘g‘lonlar hech qachon unutilmaydi. Ular hamisha xotiramizda yashaydi.

Saytidagi o'zgarishlar
Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год;Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год;Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Доба