Otabek Muhammadiyev

1993 yilda umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tugatgan. 1993-1995 yillar tumandagi ip yigiruv fabrikasida ishchi bo‘lib faoliyat yuritgan. 1995 yil may oyida muddatli harbiy xizmatni o‘tashga jo‘naydi va shu davrda uningqalbida harbiylik kasbiga havas uyg‘onib, faoliyatini milliy armiyamiz safida shartnoma bo‘yicha davom ettiradi. 2000 yil mamlakatimizning janubiy sarhadlarida bir guruh jangarilar bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvdaqahramonlarcha halok bo‘lgan. Otabek Muhammadiyev nomini abadiylashtirish uchun tug‘ilib o‘sgan mahallasi va u o‘qigan maktabga nomi berilgan hamda yodgorlik o‘rnatilgan.

Vatan uchun qurbon bo‘lgan jigarlarim,

Or-nomusni baland tutgan jigarlarim,

Hurlik uchun jonin tikkan jigarlarim,

Unutmaydi nomingizni Ona Vatan!

Xotira abadiy. O‘tganlar yodi mangu. Ularni xotirlash, qadrlash, yurt tinchligi yo‘lida jasorat ko‘rsatganlarni e’zozlash xalqimizga xos ulug‘ fazilat.

Ona Vatan osoyishtaligi, xalq farovonligi uchun jonidan kechgan, o‘z xizmat va konstitutsiyaviy burchiga, Harbiy qasamyodiga sodiq bo‘lib, yurti va xalqi uchun ko‘kragini qalqon qilgan, jasorat ko‘rsatib, dushmanga tik boqqan va qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarimiz har on, har lahza e’zozimizda, qalbimiz to‘rida mangu yashaydi. Ularning ko‘rsatgan jasoratlari, qahramonliklari mustaqillik havosidan nafas olib ulg‘ayayotgan yurtimizning yosh avlodiga katta o‘rnak, namunadir. Bundayin jasorat, yurtga bo‘lgan muhabbat, kasbiga bo‘lgan fidoyilik yoshlarimiz qalbida harbiylik kasbiga havas uyg‘otib, uni ulug‘lashga, Vatan himoyasiga kamarbasta bo‘lishga, akalari kabi jasoratga undashga ruhlantirishi, tabiiy. Mana shunday insonlardan biri – yurt tinchligi, sarhadlarimiz osoyishtaligi yo‘lida jasorat ko‘rsatib, o‘z xizmat vazifasini o‘tash vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan marhum serjant Otabek Muhammadiyevni xotirlab, u o‘qigan maktab, voyaga yetgan mahallasi va xonadoniga tashrif buyurdik, uni bilganlar hamda yaqinlari bilan suhbatlashdik.

«SODIQ SAFDOSh, IShONChLI DO‘ST EDI»

Kitob tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i ma¬yor Jahonali G‘ulomov hamrohligida marhum serjant O. Muhammadiyev o‘qigan maktab tomon yo‘l oldik. Yonimdagilar o‘zaro suhbatlashib ketishyapti. Men esa xayolga berildim. Otabek Muhammadiyev bilan birga xizmat qilish, undan soha sir-asrorlarini o‘rganish, pand-nasihatlarini eshitish menga ham nasib etgan. Ha, men bu olijanob inson bilan bir safda xizmat qilganman. O‘sha damlarni ko‘z oldimga keltirishga, xotirlashga urindim.

Bu inson o‘zining odamiyligi, keng dunyoqarashi, vazifasiga mas’uliyati, umuman, har qanday vaziyatda o‘z yordamini ayamasligi bilan jamoada hurmat topgan edi. U o‘z sohasining bilimdoni, tajribali mutaxassis edi. Sport bilan shug‘ullanish uning eng sevimli mashg‘ulotlaridan bo‘lgan. Bo‘sh vaqtida uni faqat sport maydonchasidan topish mumkin edi. Doimo yuzida balqib turgan tabassum samimiyatidan darak berardi. U fidoyi, ko‘ngli toza, yuksak insoniy fazilatlar sohibi edi. 2000 yilda janubiy sarhadlarimizda bir guruh jangarilarga qarshi kurashda jonbozlik ko‘rsatib, yurtimiz osoyishtaligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. O‘sha mash’um voqeadan ikki kun oldin u bilan birga tushlik qilgan edik. Keyin biz boshqa-boshqa guruhlar bilan vazifani bajarishga jo‘nadik. Xayrlashib, bir-birimizga omad tilab ketayotganimizda u menga qarab (biz aslida bitta tumandan edik) «Qaytganimizdan ke¬yin Kitobning eng baland tog‘ida osh qilib beraman», degandi. O‘shanda u endigina 24 yoshga kirgandi, uylanganiga esa atigi 8 oy bo‘lgandi. Bu gap hali-hanuz quloqlarim ostida jaranglaydi. U ana shunday olijanob inson, sodiq safdosh, ishonchli do‘st edi.

«SIZLARNING JASORATINGIZ – BIZLARGA O‘RNAK»

Hamrohim «mana, maktabga ham yetib keldik», deya xayollarimni to‘zg‘itib yubordi. Peshtoqiga 11-umumta’lim maktabi, deb yozilgan darvoza oldida bizni ancha odam, qo‘liga guldasta tutgan o‘quvchilar kutib turardi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tarbiyaviy ishlar boshqarmasi mas’ul ofitseri mayor Lochin Ravshanov, tuman «Nuroniy» xayriya jamg‘armasi raisi Melik Burxonov, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi raisi Nabijon Majidov, tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari kapitan Hamid Ja’farov, maktab direktori Xosiyat Abdiyeva hamrohligida ta’lim muassasasi hovlisiga kirdik. Maktab binosining birinchi qavatida «Sizlarning jasoratingiz – bizlarga o‘rnak!» nomli yodgorlik o‘rnatilgan. Unga Otabek Muhammadiyevning marmar toshga o‘yib ishlangan rasmi qo‘yilgan.

– Bu yodgorlik oldidan har kuni o‘tamiz, – deydi 7-sinf o‘quvchisi Dilshod Abduqodirov. – Har safar u kishining ko‘rsatgan jasoratini yodga olamiz. Uning qilgan qahramonliklaridan qalbimiz faxr hissini tuyadi. Shunday inson tug‘ilib o‘sgan qishloqda voyaga yetayotganimdan g‘ururlanaman. Uning jasorati, xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.

Maktab direktori X. Abdiyeva Otabek Muhammadiyev 1-sinfdan 3-sinfgacha o‘qigan va uning nomi berilgan sinfga boshladi, bizni. Sinfda o‘quvchilar, Otabekni o‘qitgan o‘qituvchilar va sinfdoshlari o‘tirishgan ekan. Bizni ko‘rgan o‘quvchilar o‘rinlaridan turib, salomlashishdi. Yozuv taxtasi yonida qahramonning rasmi va u haqdagi ma’lumotlar keltirilgan katta plakat osib qo‘yilgan. Sinfxonadagi eng oxirgi partada o‘tirgan ikki nafar yoshi katta ayol e’tiborimni tort¬di. Sekin maktab direktoridan «bular kim?» deya so‘radim. Bildimki, ularning biri – Malika Murodova qahramonimizni 1-sinfga qabul qilgan, unga yozish va o‘qishni o‘rgatgan birinchi ustozi ekan. Mastura Vahobova esa 4-sinfdan 10-sinfgacha unga ona tili va adabiyoti fanidan dars bergan. Ular bilan uzoq suhbatlashdik.

– Otabekning 1-sinfga kelgan ilk onlari hamon ko‘z o‘ngimda, – deydi M. Murodova. – Po‘rimgina kiyinib olgan, baquvvatgina yigitcha edi. U bilim olishga juda ham chanqoq bo‘lgan. Sababsiz dars qoldirmasdi. Qo‘shimcha darsga hamisha qatnashardi. U juda kamtar va uyatchan, ya’ni tortinchoqroq edi. Yana bir xislati u hamisha ozoda yurardi, hatto daftar va kitoblarini ham toza tutardi. Husnixati chiroyli edi. Harbiylikda yurgan kezlari ta’tilga kelsa, albatta maktabga kirib, bizdan hol-ahvol so‘rashni, chiroyli guldasta sovg‘a qilishni unutmasdi. Otabekning xotirasi hamisha ko‘nglimiz to‘rida saqlanib qoladi.

Uning sinfdoshlari – Zafar Azamov, Dilafro‘z Egamova, Sherzod Xidirov, Xurshida Sirojova, Sunnatullo Jumanovlar ham u haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Maktabdagi uchrashuvdan katta taassurotlar oldik. U yerdan chiqib, Otabek Muhammadiyev tug‘ilib, voyaga yetgan xonadon tomon yo‘l oldik.

«AMAKISINING JASORATINI ERTAK QILIB AYTIB BYeRAMAN»

Bizni qahramonning akasi Ozod aka darvoza oldida kutib oldi. Uning hamrohligida ichkariga kirdik. Kitob tumani mudofaa ishlari bo‘limi harbiy xizmatchilari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari esdalik va qimmatbaho sovg‘alarni uning yaqinlariga topshirdi. Bir muddat hol-avhol so‘rashishdan keyin Otabek Muhammadiyev bolaligidan yashagan, dars tayyorlagan xonaga kirdik. Xonada uning harbiy libosi ilingan, javon peshtoqiga suratlari terib qo‘yilgan. Mehmonlar va qahramonning yaqinlari stol atrofida o‘tirib, uning suratlarini tomosha qilishdi, Otabekning bolaligi, insoniy fazilatlari xususida uzoq suhbatlashishdi.

Shu payt maktab kiyimidagi chamasi 14-15 yoshlardagi o‘smir yigitcha xonaga salom berib kirib keldi va buvisi Toshbibi ayaning oldiga bordi. Men undan ko‘z uzolmasdim. U Otabek akaning xuddi o‘zi edi, hatto harakatlari ham. Toshbibi aya uning yuz-ko‘zlaridan o‘pib, erkalab «mana mening Otabegim, u o‘lmagan, endi 15 yoshga kirdi», deya ko‘ziga yosh oldi. O‘tirganlar bir-birimizga qaradik. Shunda onaxon ko‘z yoshlarini artib, sekin gapira boshladi.

– Bu katta o‘g‘lim Ozodjonning farzandi. Otabekjon vafot etganida u ikki yoshda edi. Uning ko‘zlari, yuz tuzilishlari xuddi Otabekjonimnikidek edi. Shu bois Otabek ham uni qattiq yaxshi ko‘rardi. Xizmatidan telefon qilganida ham hamisha birinchi bo‘lib uni so‘rardi, unga sovg‘alar olib kelardi. Katta bo‘lgani sari amakasiga o‘xshab boryapti. Unga amakisining hayoti, ko‘rsatgan jasorati, kasbi haqida ko‘p so‘zlab berganman. Uning bosib o‘tgan qisqa, ammo sharafli va mazmunli hayotini ertak qilib aytaman.

Toshbibi aya uzoq gapirdi. O‘g‘li Otabek Muhammadiyevning tug‘ilganidan to qahramonlarcha halok bo‘lgan kunigacha bo‘lgan barcha voqealarni bir yig‘lab, bir kulib, bir xo‘rsinib aytib berdi. Ha, onalar bardoshli, sabrli bo‘lishadi. Hovlida chopqillab yurgan nevarayu evaralari, atrofida girdikapalak qizu kelinlari, Otabekjonning o‘rnini bildirmasdan parvona o‘g‘illari uning hayotiga mazmun bag‘ishlashyapti.

Otabek Muhammadiyevning akasi Ozod Muhammadiyev ham ukasining vafotidan so‘ng aynan u xizmat qilgan harbiy qismda shartnoma bo‘yicha xizmat qilgan, ayni paytda nafaqada. Ukasi kapitan Jonibek Muhammadiyev ayni paytda ham Qurolli Kuchlarimiz safida akalari kabi harbiy xizmatda. Yana bir gap, 15 yoshli Zuhriddin bilan suhbatlashganimizda uning ham kelajakda amakisi kabi harbiy bo‘lishni maqsad qilganini bilib oldik.

Otabek Muhammadiyev yashagan xonadondan chiqib ketarkanmiz, inson qadri aziz, uning jasorati mangu ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildik.

Ahror Ochilov

Saytidagi o'zgarishlar
Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год;Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год;Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Доба