Xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, ekspert, madaniy-gumanitar va jamoatchilik doiralari vakillari yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 24 yillik bayrami munosabati bilan mamlakatimiz xalqi va rahbariyatiga o‘zlarining samimiy qutlovlarini yo‘llashmoqda.
Germaniyadagi “KNAUF” kompaniyasining direktori Manfred Grundke yurtimiz ahlini ushbu muborak sana bilan tabriklar ekan, quyidagi fikr- mulohazalarini bayon etdi:
— O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgan kunning 24 yillik bayramini nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Mamlakatingiz tarixan qisqa davrda barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Shu o‘rinda alohida faxr bilan aytishni istar edimki, mana ko‘p yillardan buyon boshqa nemis kompaniyalari qatorida “KNAUF” ham O‘zbekistonda muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritayotir. Biz o‘zaro hamkorligimiz natijalaridan juda mamnunmiz. O‘zbekistondagi faoliyatimizdan orttirgan tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, respublika katta iqtisodiy salohiyatga egadir. Shu jumladan, sarmoyaviy sohada ham. Hozirgi paytda kompaniyamizning O‘zbekiston bozoridagi ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish yuzasidan o‘zbek hamkorlarimiz bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Ishonchim komilki, bugungi kunda amal qilayotgan va kelajakda hayotga tatbiq etiladigan
qo‘shma loyihalarimiz ham uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli bo‘ladi. Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, “KNAUF” joriy yilning fevralida ta’sis etilgan Germaniya — O‘zbekiston ishbilarmonlik kengashining a’zolaridan biri hisoblanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada faollashtirish uchun ko‘maklashishga xizmat qiladigan mazkur kengash o‘z vaqtida tuzildi, deb hisoblayman. Umid qilamanki, Germaniya — O‘zbekiston ishbilarmonlik kengashi faoliyati doirasida hamda o‘zbek sheriklarimiz bilan ikki tomonlama muzokaralar vositasida O‘zbekistonda nemis biznesi ishtirokini kengaytirish uchun muhim bo‘lgan barcha masalalarni hal etamiz.
Shunisi ham quvonarliki, O‘zbekistonda aholi farovonligi darajasini yuksaltirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli demokratik o‘zgarishlar ro‘y berayapti. 2015 yil O‘zbekistonda “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilingani mamlakat rahbariyatining ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti barpo etish tamoyillariga sodiq
ekanligidan dalolatdir. Bilim va tajribalar avlodlardan-avlodlarga o‘tishiga alohida e’tibor qaratilmoqdaki, bu darhaqiqat, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun juda zarur bo‘lgani barobarida, kelajakda qo‘lga kiritilajak muvaffaqiyatlarning garovi ham hisoblanadi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, “KNAUF” kompaniyasi jamoasining barcha a’zolari hamda o‘z nomimdan O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 24 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonda tinchlik, farovonlik va gullab-yashnash
barqaror bo‘lishini tilayman.