O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, professor Lekim Ibragimov “Ming farishta va bir surat» mega-asarini yaratib, rekord o‘rnatgan. Ushbu surat loyihasi “Ming bir kecha” ertaklari asosida 2000 yilda yaratila boshlangan va 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlanib, 2012 yil yakunlangan. Mega-asar 2012 yili Pragada, 2013 yili Moskva Rastasida (Gostinыy Dvor) va 2014 yili Toshkentda namoyish etilgan. Moskvada namoyish etilgan ko‘rgazmada“Interrekord» rekordlarni ro‘yxatga olish xalqaro agentligi vakillari qatnashib, «Bir rassom tomonidan bo‘z matoga (xolst) moybo‘yoq bilan chizilgan dunyodagi eng katta kartina» va «Bitta kartinada chizilgan eng ko‘p miqdordagi farishtalar» toifasidagi ikkita jahon rekordini qayd etgan edi.
Muallifning loyihasiga ko‘ra, suratning yakuniy ko‘rinishi mingta alohida rasmlardan iborat bo‘lib, ularning har birida bittadan farishta tasvirlangan. Bunday rasmning o‘lchami – 78 ga 64 sm. Yaxlit rasmning hajmi esa 500 metr kvadratdan ortiq. Kartina va konstruktsiya og‘irligi 22 tonnadan iborat. Konstruktsiyani montaj qilishga va mega-suratning 1000 ta qismini birlashtirishga to‘rt kun talab qilinadi. Yig‘ilgan pannoning balandligi 8 metr, uzunligi esa 66 metr.