Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida hamyurtimiz Hasanboy Do‘smatovning g‘alabasi sharafiga Davlatimiz madhiyasi yangrab, muzaffar bayrog‘imiz sarbaland ko‘tarildi.
2016 yilning 14 avgust oqshomida millionlab yurtdoshlarimiz, sport ixlosmandlarining qalbi quvonchu shodlikka to‘ldi. Shu kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks bo‘yicha vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bellashuvida qatnashgan o‘zbek o‘g‘loni Hasanboy Do‘stmatov oltin medalga sazovor bo‘lib, dunyoda tengsiz ekanini isbotladi.
Hasanboy Do‘stmatov – istiqlol farzandi! Butun dunyoga o‘z salohiyatini, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini namoyon etgan mustaqil yurt o‘g‘loni! U boks bo‘yicha ko‘plab xalqaro turnirlarda, qit’a va jahon chempionatlarida qatnashgan. 2013 yil Qozon shahrida o‘tgan Butunjahon Universiadasida g‘olib bo‘lgan.
Tajribali bokschimiz XXXI yozgi Olimpiadaga jiddiy hozirlik ko‘rdi. Germaniya, Rossiya, Qozog‘istonda o‘tgan xalqaro turnirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uzoq yillik tinimsiz mehnat o‘z mevasini berdi.
Sportchimiz meksikalik Xoselito Velaskes, qozog‘istonlik Birjan Jakipov, AQSH vakili Niko Migel Xernandesni mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi. Olimpiada oltin medali uchun kechgan hal qiluvchi bahsda Hasanboy kolumbiyalik Yuberxen Martinesni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
G‘olib sportchimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi. Bu g‘alaba onlarini butun xalqimiz o‘z g‘alabasidek kutib oldi. Madhiyamiz sadolari yangraganda ko‘ksi tog‘dek ko‘tarilib, ko‘zlariga quvonch yoshlari qalqdi.
– Vatanimiz bayrog‘ini Olimpiya o‘yinlarida sarbaland ko‘targanimdan juda ham baxtiyorman. Mening g‘alabam – butun O‘zbekistonning g‘alabasidir. Biz, yoshlar, ozod va obod yurtda tug‘ilib voyaga yetganligimizdan va xalqaro maydonda O‘zbekiston nomidan musobaqaga chiqayotganimizdan doimo faxrlanamiz, – deydi Hasanboy Do‘stmatov. – Prezidentimiz yoshlarga qarata marrani doimo baland oling. Zero, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emas, hech qachon kam bo‘lmaydi, degan so‘zlari qalbimizga muhrlangan. Prezidentimizning ushbu da’vatlari meni ham doimo yangi-yangi marralar sari chorlaydi. Olimpiya o‘yinlaridagi oltin medalimni barchamiz uchun eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlayman.
Hasanboy Do‘stmatovning bu oltin medali mamlakatimiz istiqlolga erishganidan buyon Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yettinchi oltin medaldir. Yozgi Olimpiadaning ilk oltin medali ham aynan boks bo‘yicha bellashuvlarda qo‘lga kiritilgan edi. 2000 yil Sidneyda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida bokschimiz Muhammadqodir Abdullayev g‘alaba qozonib, o‘zbek boks maktabi shuhratini yuksaltirgan edi.