Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan yigitlar orasida jasur o‘g‘lon Boburjon G‘aniyev ham bor. U yoshligida mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotida tarbiya oldi. Sport bilan shug‘ullandi.
Umrni oqar daryoga qiyoslaydilar. Daryo bog‘-rog‘larga hayot baxsh etadi. Inson umri esa el-yurtga xizmat qilish, bilan belgilanadi. Ana shunday insonlar nomini xalqimiz doimo hurmat bilan tilga oladi. Boburjon bolaligidan harbiy bo‘lishni xohlardi. Otasi Abduhamid aka kapitan unvonida Kurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilgan. Onasi o‘qituvchi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Munavvarxon G‘aniyeva Marg‘ilon shahrida ustoz-pedagog sifatida e’zoz topgan.
Istiqlolimiz, erkin va farovon hayotimizni ko‘rolmagan bir guruh terrorchilar Sariosiyo va Uzun tumanlari tog‘li qishloqlariga bostirib kirib, tinchlik va osoyishtaligimizga rahna solmoqchi bo‘lgani yodimizda. O‘shanda terrorchilarga qaqshatkich zarba bergan, Vatan himoyasi yo‘lida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlarimiz orasida B.G‘aniyev ham bor edi.
... Tushdan so‘ng harbiylarimiz Kishtut daralaridan birini nazoratga oldi. Tog‘larga oqshom tez cho‘kadi. Shuning uchun ham atrofni zulmat qoplamasdan darani ko‘zdan kechirib, marrani egallash haqida buyruq olindi. Leytenant B.G‘aniyev safdoshlari bilan har bir qoya, ungirni diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladi. O‘simliklarning toptalgani Boburda shubha uyg‘otdi. U barchani hushyorlikka chaqirdi. Shunda qoyalar orasiga pistirma qo‘ygan dushman to‘satdan o‘t ochdi. O‘q yo‘liga g‘ov bo‘lgan leytenant og‘ir yarador bo‘lishiga qaramay, quroldoshlari xafvsiz joyga o‘tguniga qadar jangarilarga qarshilik ko‘rsatdi.
O‘sha jangdoshlarining guvohlik berishicha, o‘ttizga yaqin qurollangan jangari yetti-sakkiz guruhga bo‘linib hamla qilgan. Bobur og‘ir yaralangan bo‘lsa-da, so‘nggi nafasigacha bosqinchilar bilan olishgan.
— B.G‘aniyevdek dovyurak farzand mahallamizda kamol topganidan faxrlanamiz, — deydi Marg‘ilon shahridagi «Yurmaduz» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muxtorjon Hasanov. — «Shon-shuhrat» ordeni bilan mukofotlangan marhumning onasi mahallamizga ko‘p yillar raislik qilgan. Qahramonning akalari — Baxtiyor va Bahodirjonlar harbiy xizmatchi, Bahromjon esa shifokor, opasi Gavharoy — huquqshunos.
Boburjon yashagan xonadonda «Kamolot» YoIH tashabbusi bilan uy-muzeyi tashkil etilib, yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan. Shu ko‘chaga Boburjon G‘aniyev nomi berilgan.
B.G‘aniyev o‘qigan 13-maktab faxriy o‘qituvchisi Ravila Asrorova shunday deydi:
— Boburjon faol, harakatchan o‘quvchi edi. Dars mashg‘ulotlarida ko‘plab savollar berar, bilmaganlarini so‘rab surishtirardi.
O‘qituvchilardan yana biri Nina Ryazanova qalb so‘zlarini quyidagicha izhor etadi:
— Boburjon bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha maktabga, meni u yerda topolmasa, uyimga gul ko‘tarib kelardi. Faqat menga shunday qilsa kerak, deb o‘ylardim. Keyin bilsam hamma o‘qituvchilarni, unga maktab, kollej, oliygohda ilm berganlarni ana shunday e’zozlar ekan.
— Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash faoliyatimizning asosini tashkil etadi. Boburjon bizning sport-texnika klubimiz kursanti edi. U harbiy mutaxassislikni egallashga jon dilidan qiziqardi, — deydi mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti shahar kengashi raisi Vahobjon Parpiyev.
Vatan himoyachilari bayrami nishonlanayotgan shu kunlarda Boburjon G‘aniyev uy-muzeyiga maktab, kollej o‘quvchilari tashrif buyurib, uning hayotiga oid eksponatlar bilan tanishdilar. Zero, xalqimiz osoyishtaligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida aziz jonini qurbon qilgan jasur o‘g‘lonlar xotirasi hech qachon unutilmaydi.
Muhammadjon Mahmudov