2005 yil 28 dekabrda Baxtiyor ona haykali bunyod etildi
2005-12-28
Prezidentimiz Islom Karimov 2005 yil 28 dekabrda Mustaqillik maydonida yangi barpo etilgan monument poyiga ilk bor gulchambar qo‘ydi.
Maydonda mustaqilligimizning dastlabki yilida qad rostlagan Mustaqillik monumenti oldida farzandini bag‘riga bosib, unga ishonch bilan termulib turgan Baxtiyor ona haykali bunyod etildi. Mustaqillik va ezgulik egizak tushunchalardir. Xalqimiz istiqlolni qanchalar ulug‘lasa, farzandlarni yorug‘ dunyoga keltirgan onalarni hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli, deb e’zozlaydi. Onani e’zozlash – bizning millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan fazilat. Mazkur ikki qadriyat zamirida xalqimizning asriy intilishlari, ezgu orzu-umidlari mujassam.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayolga bo‘lgan munosabat bilan belgilangan. Ayniqsa, ayollarga sharqona ehtirom va e’zoz biz uchun ibratli merosdir. Shu ma’noda, Mustaqillik maydoni va undagi Baxtiyor ona haykali ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtiromimizning ifodasidir.