Toshkent shahrining 2200 yilligi e'tirof etildi
2009-08-08
Qadimiy va hamisha navqiron Toshkent shahrining 2200 yilligini munosib o’tkazish maqsadida nufuzli xalqaro tashkilot bo’lmish YUNESKO qarori asosida ushbu yubileyni yurtimizda keng nishonlash to’g‘risida maxsus qaror va dastur qabul qilindi
“O’zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag’ishlangan tantanali majlis bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.
Prezidentimiz tantana qatnashchilarini, butun xalqimizni Toshkent shahrining 2200 yillik bayrami bilan qutlar ekan, mustaqillik biz uchun o’zligimizni anglash, huquqiy demokratik davlat, erkin va farovon hayot barpo etish uchun ulkan imkoniyatlar ochib berganini qayd etdi. Milliy davlatchiligimiz tarixida va ijtimoiy-siyosiy hayotimizda poytaxtimiz alohida o’ringa va beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 2009 yil 20 avgustdagi farmoniga binoan, yurtimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, mustaqil huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, davlatlararo hamkorlik, xalqlar o’rtasidagi do’stlik munosabatlarini rivojlantirishga qo’shgan katta hissasi, ezgu an’analarni saqlash, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari uchun hamda 2200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkent shahri «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov ushbu yuksak mukofot – “Mustaqillik” ordenini tantanali ravishda topshirdi.
"O’tgan davr mobaynida bu sanani Toshkent shahrining mamlakatimiz hayotidagi beqiyos o’rni va mavqeiga mos ravishda, yuksak saviyada nishonlash, poytaxtimizni yanada obod qilish uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borildi.
Bugun to’la ishonch bilan aytish mumkinki, bunday ulkan, haqiqatan ham tarixiy ishlarni amalga oshirishda Toshkentda biron-bir tuman, mavze-mahalla, mehnat jamoasi yoki birorta odam yo’qki, bevosita o’z hissasini qo’shmagan, hech bo’lmaganda, o’zining fikri, maslahati bilan ishtirok etmagan bo’lsa.
Bir so’z bilan aytganda, mana shu davr mobaynida bu go’zal maskanda, ona diyorimizda yashayotgan, keksayu yosh barcha-barcha insonlar uchun Toshkentimiz naqadar sevimli va qadrli ekani yana bir bor amalda namoyon bo’ldi".