Salomatlik reytingida O‘zbekiston
2016-09-26
Salomatlik reytingida O‘zbekiston MDH mamlakatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi
Salomatlik reytingida O‘zbekiston MDH mamlakatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.
Nufuzli “The Lancet” tibbiyot jurnali tomonidan tabobat, hayot va salomatlik bilan bog‘liq barqaror rivojlanishning ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyo mamlakatlari reytingi e’lon qilindi. Unga binoan, jahondagi 188 davlat o‘rtasida O‘zbekiston 55-o‘rinni egalladi.
Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichdir.
Qisqacha ma’lumot: “The Lancet” — Britaniyada chop etiladigan haftalik jurnal. U tibbiyot bo‘yicha eng mashhur va eng nufuzli nashrlardan biri hisoblanadi. Lanset, ya’ni jarrohlik asbobi nomi qo‘yilgan ushbu jurnalga ingliz jarrohi Tomas Uokley tomonidan 1823 yili asos solingan. Unda muhim tadqiqotlarga oid maqolalar, kitoblar sharhlari, yangiliklar, kasalliklar tarixi hamda boshqa materiallar chop etiladi. Jurnal -tahririyatlari London, Nyu-York va Pekin shaharlarida joylashgan.
Yuqori natijani qo‘lga kiritgan dastlabki beshtalik davlatlar ro‘yxatidan Islandiya, Singapur, Shvetsiya, Andorra hamda Buyuk Britaniya joy oldi. MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarga Turkmaniston (60), Ozarbayjon (75), Moldova (80), Qozog‘iston (85), Armaniston (86), Tojikiston (99), Qirg‘iziston (113), Ukraina (118), Rossiya (119) va Belarus (120) munosib topilgan.
Reyting noldan (eng yomon ko‘rsatkich) yuzgacha (eng yaxshi ko‘rsatkich) bo‘lgan muqoyasada 33 ko‘rsatkich bo‘yicha umumlashtirilgan baholar hisobga olingan holda tuzilgan. Mamlakatlar o‘rinlarini belgilashda nazarda tutilgan mezonlar orasida bolalar hamda chaqaloqlar o‘limi, yo‘l-transport hodisalaridagi o‘lim, bolalardagi ortiqcha vazn, alkogol va tamaki iste’moli darajasi, odam immuniteti tanqisligi virusi (VICH), sil va V gepatiti bilan kasallanish, o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari mavjud. Bundan -tashqari, ekspertlar zo‘ravonlik harakatlari hamda urushlardagi o‘lim holatlarini ham hisobga olishgan. Har bir mezon bo‘yicha hisoblar 1990 — 2015 yillar oralig‘idagi vaziyatlarning tahlili asosida chiqarildi.
Masalan, “Doyalar ishtirokidagi tug‘uruqlar” mezoni bo‘yicha O‘zbekiston maksimal darajadagi bahoni, “Kasalliklar tibbiy profilaktikasi darajasi” bo‘yicha — 93, “Havo ifloslanishi tufayli kasallikka chalinish” mezoni bo‘yicha — 89, “Oilani rejalashtirish va reproduktiv yosh” bo‘yicha — 84, “CHekish” hamda “Ichishga yaroqsiz suv iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar” mezoni bo‘yicha 81 ball to‘pladi.
“The Lancet” ushbu reytingni tuzishda 2015 yilning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga asoslangan. Ular 17 ta global maqsadni (qashshoqlikni bartaraf etish, ochlikka barham berish, ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash va hokazo), 169 ta vazifa hamda 230 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni o‘z ichiga olgan. BMT rejasi bo‘yicha 15 yil mobaynida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishilmog‘i lozim.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiyalash bo‘yicha bosqichma-bosqich diqqatga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlarida nazarda tutilgan vazifalarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, davolashning eng ilg‘or uslublari keng qo‘llanilmoqda, aholiga birinchi davolash-profilaktika yordami ko‘rsatilishining zamonaviy tizimi yaratilgan. Aholiga shoshilinch va maxsus tibbiy yordam ko‘satish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda.
Shular bilan bir qatorda, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan tizimlari, jumladan, Aholishunoslik jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan aholishunoslik va reproduktiv salomatlik dasturlarini amalga oshirish, sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini yuksaltirish, onalar hamda bolalar salomatligini muhofaza etish, atrof-muhitni asrash, favqulodda vaziyatlarda ko‘mak ko‘rsatish singari sohalarda faol hamkorlik qilayotir. YuNISEF bilan o‘zaro hamkorlikda bolalar salomatligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan ko‘p sonli tadbirlar, jumladan, bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish, ularni emlash, maktablarda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tibbiy madaniyatni oshirish, sanitariya-gigiyena me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash, sog‘lom hayot tarzini shakllantirish tadbirlari o‘tkazilayapti.
“The Lancet” jurnali tadqiqoti natijalari O‘zbekiston bo‘yicha boshqa nufuzli xalqaro institutlar tomonidan berilgan baholarni to‘la tasdiqlaydi. Shuni eslatib o‘tish o‘rinliki, O‘zbekiston jahondagi nufuzli tashkilot — “Save the children” (“Bolalarni asraylik”) xalqaro muassasasi tomonidan tuzilgan dunyo reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan eng ilg‘or o‘n mamlakat qatoridan joy olgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” reytingida 158 mamlakat orasida 44-o‘rinni, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida esa birinchi o‘rinni egallagan.
Darhaqiqat, “The Lancet” jurnali qayd etganidek, O‘zbekistonning ushbu yuqori reytingi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyati jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilganining yana bir tasdig‘i hisoblanadi.
Manba: “Jahon” axborot agentligi