O‘zbekiston Gellap instituti «Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi»da 2-o‘rinni egalladi
2015-12-06
AQShda faoliyat ko‘rsatayotgan, katta obro‘ga ega bo‘lgan, Gellap instituti deb nom olgan ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi tomonidan «Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi» degan mavzuda 2015-yilda o‘tkazilgan va e’lon qilingan tadqiqot materiallari ko‘ra O‘zbekiston 141 mamlakat orasida 2-o‘rinni egalladi
AQShda faoliyat ko‘rsatayotgan, katta obro‘ga ega bo‘lgan, Gellap instituti deb nom olgan ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi tomonidan «Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi» degan mavzuda 2015-yilda o‘tkazilgan va e’lon qilingan tadqiqot materiallari bilan tanishish asnosida ushbu nufuzli tashkilot shu yo‘nalish bo‘yicha o‘z xulosasini chiqarish uchun jahon miqyosida 141 ta mamlakatda so‘rov o‘tkazib, katta yoshdagi 142 ming shaxsning fikrini o‘rgangan ma'lum bo'ladi. So‘rovnomada 3 ta savol o‘rtaga qo‘yilgan. Birinchi savol «Siz o‘zingiz yashayotgan shahar yoki tumandagi mahalliy politsiyaga ishonasizmi?» degan mazmunda berilgan. Ikkinchi savol: «Siz o‘zingiz yashayotgan shahar yoki tumanda kechasi xavf-xatardan qo‘rqmasdan yolg‘iz yura olasizmi?». Va uchinchidan, «Oxirgi o‘n ikki oyda siz va oila a’zolaringizning pul va mol-mulki o‘g‘irlangan holat sodir bo‘lganmi?» degan savol berilgan. Ayni mana shunday savollar orqali, avvalambor, so‘rov o‘tkazilgan mamlakatda yashayotgan har qaysi odamning kayfiyatiga, uning o‘zini erkin his etishiga qonunda belgilangan tartiblarga amal qilish qanday ta’sir ko‘rsatayotganini aniqlash ko‘zda tutilgan. Bizning mamlakatimiz, O‘zbekistonimiz, bu so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, dunyodagi 141 ta davlat orasida 2-o‘rinni egallaganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim. Bizning bunday o‘ta muhim masala, ya’ni yurtimizda tinch va osuda hayotni asrash va himoya qilish bo‘yicha mana shunday yuksak darajaga ko‘tarilganimiz, bu sohada olib borayotgan ishlarimiz xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgani, hech shubhasiz, barchamizga g‘urur va iftixor yetkazadi.