Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasi qurib bitkazildi
2005-09-01
Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida azim poytaxtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari samarasida Toshkent shahri kundan-kunga chiroy ochib, yashnab bormoqda.
Ayniqsa, Mustaqillik maydonida olib borilgan yaratuvchilik amallari ushbu so‘lim va ulug‘vor maydonning nafaqat manzarasini, ayni chog‘da mazmun-mohiyatini ham tubdan o‘zgartirib yubordi.
Xalqimizning ozod va obod hayot, erkin va farovon kelajak barpo etishdek ulug‘vor intilishlarini teranroq ifodalash, yoshlarimizning ma’naviy olamini ezgu g‘oyalar asosida shakllantirish va kamol toptirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan 2005 yili Mustaqillik maydonida Ezgulik arkasi bunyod etildi.
Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan chuqur va keng ma’no-mazmuni bilan barchamiz uchun aziz bo‘lgan muqaddas qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ushbu majmuaga hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi – Mustaqillik va ezgulik monumenti, deb nom berildi.