MDHda eng baxtli mamlakat
2017-03-25
2017 yilning eng baxtli mamlakatlari ro‘yxatida yurtimiz o‘tgan yildagiga nisbatan ikki pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 155 davlat orasida 47-o‘rinni egalladi.
Har yili 20 martda butun sayyoramiz bo‘ylab Xalqaro baxt kuni keng nishonlanadi. Shunisi e’tiborliki, BMT Bosh assambleyasi ta’sis etgan mazkur sana aynan diyorimizda har bir inson qalbida ezgulik chechagi nish urgan, Navro‘z munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanalar avjiga chiqqan kunlarga to‘g‘ri keladi.
BMT buyurtmasiga ko‘ra, Xalqaro baxt kuniga atab tayyorlanadigan “World Happiness Report” (“Jahon baxt hisoboti”)da qayd etilishicha, O‘zbekiston keyingi o‘n yillikda farovonlik o‘sishi ko‘rsatkichida muntazam kuchli o‘nlikdan joy olmoqda.
Bu 2017 yilning eng baxtli mamlakatlari ro‘yxatida ham istisno bo‘lmadi. Yurtimiz o‘tgan yildagiga nisbatan ikki pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 155 davlat orasida 47-o‘rinni egalladi. Mazkur ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston MDH, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, qolaversa, Italiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Gonkong, Xitoy va boshqa rivojlangan davlatlardan ham ilgarilab ketdi.
Ekspertlar reytingdagi barcha mamlakatning turmush darajasini o‘rganib chiqishdi. Bu tadqiqotda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot, fuqarolarni davlat tomonidan ijtimoiy himoyalash, umr davomiyligi, muhim qarorlarni mustaqil qabul qilish imkoniyati darajalari hamda boshqa hayotiy mezonlar hisobga olindi. Kuzatuvchilar ro‘yxatning yuqori qismidan o‘rin egallagan mamlakatlarda baxt-saodat asosi hisoblanmish aholi uchun g‘amxo‘rlik, erkinlik, bag‘rikenglik, halollik, salomatlik, daromadga ega bo‘lish va yaxshi boshqarish bo‘yicha ko‘rsatkichlar yuksak baholanganligini ta’kidlashdi. Yana bir muhim omil ish o‘rnining mavjudligi hamda uning sifatiga qaratilganidir.
Reytingning ilk uch o‘rnini Norvegiya, Daniya va Islandiya band etgan, Shveysariya, Finlyandiya, Niderlandiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya hamda Shvetsiya dastlabki o‘nlikdan joy olgan. Ro‘yxatning poyonini Ruanda, Suriya, Tanzaniya, Burundi va Markaziy Afrika Respublikasi yakunlagan.
R. Alisherov