Toshkent shahrida Inha universiteti tashkil etildi
2014-02-01
Prezidentimizning 2014 yil 24 martda qabul qilingan “Toshkent shahrida Inha universitetini tashkil etish to’g’risida”gi qarori va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 27 martdagi “Toshkent shahridagi Inha universitetining faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini shakllantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2014-yil tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inha universitetida bu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.
Ushbu ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar xalqaro talablarga to‘la javob beradi. O‘quv auditoriyalari, laboratoriya va boshqa xonalar zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Universitetda poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalari orasida eng katta data-markaz (serverlar va tarmoq uskunalari joylashtirilgan yuqori texnologiyali maydon) faoliyat ko‘rsatmoqda. Talabalar eng zamonaviy texnologiyalar, jumladan, Wi-Fidan keng foydalanmoqda.
Darslar xalqaro muhandislik akkreditatsiyasi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan o‘quv dasturi bo‘yicha ingliz tilida o‘tilmoqda. Mamlakatimiz o‘qituvchilari bilan birgalikda Koreya Respublikasidan kelgan 10 nafar mutaxassis talabalarga axborot-kommunikatsiya sohasi asoslarini o‘rgatmoqda. Ushbu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi kompaniyalar mutaxassislari ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilmoqda. Bu nazariya va amaliyotni o‘zaro bog‘lash, talabalarga esa IT sanoatidagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish imkonini berayotir.
Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, bu yerda talabalarning mustaqil izlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun oliy o‘quv yurtida zamonaviy texnologiyalar va an’anaviy adabiyot bilan ta’minlangan axborot-resurs markazi tashkil etilgan. Universitetda jamoa bo‘lib ishlash yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni talabalar bahs-munozaralar va taqdimotlar o‘tkaziladigan xonalarda guruhlarga bo‘linib, murakkab vazifalarga yechim topadi. So‘ngra darslarda tajribali o‘qituvchi rahbarligida bilimlarini mustahkamlaydi.
Universitetda darslar faqat ingliz tilida olib boriladi. Bu Prezidentimizning ayrim maxsus fanlarni chet tillarda o‘qitish ko‘zda tutilgan «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hayotga samarali tatbiq etilayotganidan bir namunadir.